Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Dushanba kuni bo'lib o'tgan yig'ilishda O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev chet elda mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarning mehnat staji va pensiya huquqlarini e'tirof etish masalasiga alohida to'xtalib o'tdi. Prezidentning ta'kidlashicha, bugungi kunda o'zbekistonliklar dunyoning qirqdan ortiq mamlakatlarida qonuniy ravishda mehnat qilib, soliqlardan tashqari tegishli pensiya badallarini ham to'lab kelmoqdalar.

Davlat rahbarining so'zlariga ko'ra, chet elda topilgan mehnat staji vatanga qaytganidan keyin to'liq hisobga olinishi va ayniqsa pensiya tayinlash jarayonida qat'iy inobatga olinishi lozim. Bu boradagi amaliy qadamlar sifatida joriy yilda Qirg'iziston, Ozarbayjon va Turkiya bilan mehnat staji hamda pensiya huquqlarini o'zaro tan olish bo'yicha ikki tomonlama bitimlar imzolangani bildirildi.

Shuningdek, yig'ilishda ko'plab o'zbekistonlik migrantlar mehnat qilayotgan Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Boltiqbo'yi hamda Bolqon yarim oroli davlatlari bilan ham shunday turdagi kelishuvlarga erishish vazifasi qo'yildi. Mas'ul idoralar rahbarlariga xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarni faollashtirish va yil oxirigacha aniq amaliy natijalar bo'yicha hisobot taqdim etish topshirildi.

Source: uznews.uz