O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-noyabr kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumanida tashkil etilgan "Intil" xalqaro til va kasbiy tayyorgarlik markazi faoliyati bilan tanishdi. Ushbu majmua Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan barpo etilgan bo‘lib, fuqarolarga xorijiy ish beruvchilarning talablarini hisobga olgan holda chet tillari va talab yuqori bo‘lgan kasblarni bepul o‘rgatishni maqsad qilgan.
Yangi markazning asosiy vazifasi xorishda ishga joylashishga tayyorgarlik ko‘rishning barcha bosqichlarini yagona joyda jamlashdan iborat. Bu yerda hujjatlarni rasmiylashtirish, til o‘rganish, kasbiy ko‘nikmalarni egallash, imtihonlar topshirish hamda ish topishda ko‘maklashish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Qariyb 3,5 gektar maydonni egallagan majmua 600 o‘rinli o‘quv xonalari, 180 o‘rinli amaliy mashg‘ulot xonalari, 120 o‘rinli imtihon markazi va 400 kishilik yotoqxonani o‘z ichiga oladi. Ayni paytda oltita xalqaro loyiha doirasida 240 nafar fuqaro bepul o‘qish va yashash sharoitlari bilan ta'minlangan holda ta'lim olmoqda.
Markazda nemis, ingliz, yapon, koreys, chex, polyak, italyan va slovak tillari o‘qitilmoqda. Til kurslari 6 oydan 10 oygacha davom etib, ularning dasturlari xorijiy ish beruvchilarning so‘rovlariga qarab yangilab boriladi. Kasbiy tayyorgarlik esa tibbiyot, payvandlash, elektrmontaj, santexnika, ombor logistikasi, qurilish, mehmonxona va restoran xizmatlari hamda oshpazlik kabi 12 yo‘nalish bo‘yicha olib boriladi.
Amaliy mashg‘ulotlar uchun maxsus simulyatsiya zallari tashkil etilgan bo‘lib, u yerda talabalar xalqaro ISO 9606 standartlari asosida ko‘nikmalarni o‘zlashtiradilar. O‘quv jihozlari Germaniya, Xitoy va Rossiyadan keltirilgan. Shuningdek, markazda ÖSD, TELC, J-CERT va EPS TOPIK kabi xalqaro imtihonlarni topshirish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, tayyorgarlik jarayoni xorijiy hamkorlar ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Source: podrobno.uz