O'zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) mustaqil xalqaro auditdan muvaffaqiyatli o'tib, volfram bo'yicha RMAP Conformant maqomiga sazovor bo'ldi. Mazkur yutuq Markaziy Osiyo volfram sanoatida ilk bor qayd etilayotgani ta'kidlanmoqda.
Hozirgi kunda jahon bozorida metallning sifati va narxi bilan bir qatorda, uning kelib chiqish tarixi, ishlab chiqarilish sharoitlari va yetkazib berish jarayonlarining shaffofligi ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Yirik sanoat kompaniyalari xomashyo yetkazib beruvchilarni tanlashda mas'uliyatli xarid tamoyillariga alohida e'tibor qaratmoqda.
Olingan RMAP Conformant maqomi korxonaning mineral xomashyoni mas'uliyatli yetkazib berish talablariga to'liq javob berishini tasdiqlaydi. Bu esa Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ochib berishi kutilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, ushbu xalqaro e'tirof O'zbekiston volframining jahon bozoridagi mavqeini mustahkamlash va xorijiy xaridorlar bilan uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Source: kun.uz