O'zbekistonda oliy ta'lim muassasalarining samaradorligini baholashga qaratilgan yangi mexanizm tasdiqlandi. Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 31-oktabrda ro'yxatdan o'tkazilgan idoraviy hujjatga muvofiq, mamlakatda "Bitiruvchilar sifati indeksi"ni hisoblash tartibi joriy etildi. Ushbu tashabbus universitetlarning faoliyatini ularni tamomlagan yoshlarning bandligi, mehnat bozoridagi barqarorligi hamda olayotgan daromadlari orqali baholash imkonini berishi kutilmoqda.
Yangi qoidalarga ko'ra, indeks to'rtta asosiy mezon asosida hisoblanadi. Bularga bitiruvchilarning ish topish tezligi, barqaror bandlik darajasi, o'rtacha oylik daromad va bandlik kategoriyasi kiradi. Hisobot davri sifatida har yili 1-iyuldan keyingi yilning 30-iyuniga qadar bo'lgan 12 oylik davr belgilandi. Bu esa oliy ta'lim tizimidagi natijalarni real vaqt rejimida kuzatib borish imkonini berishi aytilmoqda.
Baholash jarayonida ijtimoiy zaif qatlamdagi bitiruvchilar, jumladan, Ijtimoiy reestrga kiritilgan shaxslar uchun alohida imtiyozli shartlar nazarda tutilgan. Xususan, ularning ishga joylashish tezligi va bandlik kategoriyasini hisoblashda maksimal oshiruvchi koeffitsiyentlar qo'llaniladi. Shuningdek, bunday bitiruvchilar barqaror bandlik bo'yicha bahòlanganda to'g'ridan-to'g'ri doimiy ish bilan ta'minlangan sifatida hisobga olinadi. Agar bitiruvchi bir vaqtning o'zida bir nechta imtiyozli kategoriyaga kiritilgan bo'lsa, indeksni hisoblashda eng yuqori koeffitsiyent qo'llaniladi.
Ushbu indekni joriy etish masalasi joriy yilning 10-aprelida imzolangan prezident farmonida ko'zda tutilgan edi. Tasdiqlangan tartibga ko'ra, har yili eng yuqori natija ko'rsatgan 20 ta oliy o'quv yurtiga 500 million so'mdan moliyaviy yordam ajratilishi belgilandi. Eslatib o'tamiz, avvalroq O'zbekistonda milliy universitetlar reytingi qoidalarini o'zgartirish va moliyaviy to'lovlarni uning natijalariga bog'lash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Source: podrobno.uz