Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentning «Paxtakor» klubi Osiyo Chempionlar Ligasi Elita bosqichining navbatdagi turida o‘z maydonida Saudiya Arabistonining «An-Nasr» jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuv mezbonlar uchun juda omadsiz yakunlanib, yakunda yirik 2:6 hisobidagi mag‘lubiyat qayd etildi.

Qizig‘i shundaki, Saudiya Arabistoni klubi Toshkentga o‘zining asosiy yulduzi Kriştianu Ronaldu va Kingsli Komansiz tashrif buyurgan edi. Shunga qaramay, «An-Nasr» safida Sadio Mane, Joau Feliş, Samuel Koşta va Inigo Martines kabi taniqli futbolchilar maydonga tushib, o‘z sinflarini namoyish etishdi va o‘zbekistonlik himoyachilarga jiddiy qiyinchiliklar tug‘dirdilar.

O‘yin davomida «Paxtakor» futbolchilari raqib hujumlarini to‘xtatishda qiynalishdi. Mehmonlar tarkibida Joau Feliş dubl muallifi bo‘lgan bo‘lsa, Abdulloh Al-Hamdan, Abdulloh Al-Amriy, Abdulrahmon G‘arib va Anjelo ham o‘z nomlarini to‘purarlar qatoriga yozdirib qo‘yishdi. Toshkentliklar safida esa Flamarion va zaxiradan maydonga tushgan Dostonbek Hamdamov gol urishga muvaffaq bo‘lishdi, xolos.

Ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng Emilian Karas boshchiligidagi «Paxtakor» turnir jadvalida 2 ochko bilan 12-o‘ringa tushib ketdi. Jamoa navbatdagi uchrashuvini 23-noyabr kuni safarda Saudiya Arabistonining boshqa bir nufuzli klubi «Al-Ittihod»ga qarshi o‘tkazadi.

Source: kun.uz