Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Buxoro shahrida umumiy qiymati 136,6 million dollarni tashkil etuvchi yirik turistik majmua, jumladan, kongress-xoll hamda Hilton Garden Inn va Holiday Inn mehmonxonalari barpo etilmoqda. Mazkur ikkala zamonaviy mehmonxonada jami 424 ta xona yaratilishi ko'zda tutilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni mazkur yirik obyektlardagi qurilish va bunyodkorlik ishlari bilan shaxsan tanishib, jarayonning borishi haqida ma'lumot oldi.

Yangi barpo etilayotgan majmua qadimgi Buxoroning kelgusida yirik xalqaro tadbirlar, forumlar va nufuzli anjumanlarga munosib mezbonlik qilish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirishga xizmat qiladi. Rejaga ko'ra, kongress-xollda davlat rahbarlari darajasidagi uchrashuvlar hamda boshqa global ahamiyatga molik tadbirlarni o'tkazish imkoniyati yaratiladi.

Qiymati 60 million dollarga teng bo'lgan kongress-xoll loyihasi doirasida maydoni 14,5 ming kvadrat metr bo'lgan ulkan bino qad rostlamoqda. Hozirgi kunga kelib obyektning asosiy betonlashtirish ishlari to'liq yakunlangan bo'lib, ayni paytda tashqi muhandislik tarmoqlarini tortish, bino fasadi hamda tom qismlarini qurish ishlari jadal davom ettirilmoqda.

Shuningdek, mazkur hududda qiymati 37 million dollar bo'lgan Hilton Garden Inn mehmonxonasi ham qurilmoqda. Yetti qavatli mazkur mehmonxona 212 ta zamonaviy xonadan iborat bo'lib, loyihada qulaylik yaratish maqsadida yerosti avtoturargohi ham ko'zda tutilgan. Ayni paytda mehmonxonaning asosiy konstruksiyalari qurib bitkazilib, ichki devorlar, muhandislik tarmoqlari va fasad ishlari amalga oshirilmoqda.

Yana bir muhim loyiha — qiymati 39,6 million dollarlik Holiday Inn mehmonxonasi bo'lib, u ham yetti qavatli va 212 xonali qilib loyihalashtirilgan. Mehmonxona yonida qo'shimcha ravishda ikki qavatli biznes markazi ham barpo etilmoqda. Hozirgi kunda ushbu majmualarda tomni montaj qilish va ichki bo'linmalarni qurish ishlari bajarilmoqda.

Ushbu yirik investitsiya loyihalari mamlakatimizga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlar oqimi ortib borayotgan bir sharoitda amalga oshirilmoqda. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, so'nggi yillarda O'zbekistonga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni bir necha barobarga ko'payib, turizm xizmatlari eksporti ham sezilarli darajada o'sganligi qayd etilmoqda.

Source: kun.uz