Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Poytaxtning Mirobod tumanida “Gospitalnыy” bozori yaqinida joylashgan Mirobod ko‘chasining ma’lum bir qismini tubdan yangilash ishlari boshlab yuborildi. Tuman hokimi Anvar Sayfutdinov juma kuni o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida yig‘ilganlarga mazkur loyihaning asosiy yo‘nalishlari va kutilayotgan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Loyihaning dastlabki bosqichida o‘zgarishlar 39A-sonli ko‘p qavatli turar joy binosiga tutashhududni qamrab oladi. Ushbu binoning birinchi qavati to‘liqligicha tadbirkorlik obyektlari, jumladan, umumiy ovqatlanish shoxobchalariga ajratilgan bo‘lib, kelgusida bu yerda zamonaviy infratuzilma yaratiladi.

Hokimning ta’kidlashicha, avvalroq mazkur hududda o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan noqonuniy terrasalar to‘liq demontaj qilingan edi. Endilikda esa davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida, shaharning yagona dizayn kodiga muvofiq ravishda tadbirkorlarga o‘z biznesini kengaytirish imkonini beruvchi yangi va tartibli terrasalar qurib beriladi. Shuningdek, yomg‘irli kunlarda fuqarolarga noqulaylik tug‘dirmaslik maqsadida terrasalarning tomi maxsus shovqinni yutuvchi materialdan yasalishi ko‘zda tutilgan.

Anvar Sayfutdinovning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlik uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar yangi ish o‘rinlari ochilishiga, mahalliy budjetga soliq tushumlarining ortishiga va natijada mahalla ehtiyojlarini moliyalashtirishga xizmat qiladi. U so‘nggi yillarda poytaxtda amalga oshirilgan shunday rekonstruksiyalar natijasida ko‘chmas mulk qiymati va tadbirkorlar daromadi o‘sganini alohida qayd etdi.

Shuningdek, loyiha doirasida ko‘chada to‘siqsiz muhit yaratilib, velosiped yo‘lakchasi qatnov qismiga ko‘chirilishi evaziga piyodalar yo‘laklari kengaytirilishi rejalashtirilgan. Hududda yagona yashil zona barpo etilib, qo‘shimcha daraxtlar ekiladi, o‘rindiqlar, zamonaviy yoritish tizimlari hamda xavfsizlik kameralari o‘rnatiladi.

Source: www.gazeta.uz