Buxoro shahrida rejalashtirilgan yirik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik ko'rish masalalari bo'yicha maxsus yig'ilish o'tkazildi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev bo'lajak tadbirlar hududning boy tarixiy merosini namoyon etish bilan birga, viloyatning umumiy rivojlanishiga xizmat qilishi zarurligini alohida ta'kidlab o'tdi.
Muhokama jarayonida transport, xizmat ko'rsatish, xavfsizlik va shahar infratuzilmasini yaxlit holda rivojlantirish vazifalari belgilandi. Xususan, qiymati 300 million dollarni tashkil etuvchi yangi xalqaro aeroport qurilishi, shaharga olib boruvchi 23,5 kilometrlik yangi yo'lni barpo etish hamda yo'l bo'ylarini ko'kalamzorlashtirish ishlari ko'rib chiqildi.
Jamoat xavfsizligini ta'minlash va zamonaviy vaziyat markazlari faoliyatini yo'lga qo'yish masalalariga ham jiddiy e'tibor qaratildi. Sayyohlik obyektlaridagi holatni raqamli texnologiyalar yordamida kuzatish, yo'l harakatini boshqarish hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha aniq rejalar belgilab berildi.
Shuningdek, shahar va tumanlarni temir yo'l vokzallari bilan bog'lash uchun qo'shimcha 120 ta zamonaviy avtobus jalb etilishi ma'lum qilindi. Xalqaro tadbirlardan investitsiya va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi hamda qayta tiklanuvchi energetika loyihalarini rivojlantirish yo'lida amaliy kelishuvlarga erishish vazifasi qo'yildi.
Source: kun.uz