O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurib, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Tashrif chog‘ida viloyat uchun o‘ta muhim bo‘lgan infratuzilma muammolari, xususan, aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash va irrigatsiya tizimlarini yaxshilash masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Ta'kidlanishicha, Qashqadaryo viloyatida suv ta'minoti masalasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda. Shu munosabat bilan Qarshi shahrida «Chap tarmoq» kanalini betonlash va uning qirg‘oqlarini obodonlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlanishi ma'lum qilindi. Mutasaddilarning ta'kidlashicha, ushbu loyihaning amalga oshirilishi 1,4 ming gektar yer maydonini suv bilan ta'minlash hamda mahalliy aholining uy-joylariga barqaror suv yetkazib berish imkonini beradi.
Shuningdek, kanal atrofi zamonaviy infratuzilma obyektlari bilan boyitilishi rejalashtirilgan. Xususan, suv bo‘ylab kechayu kunduz ishlaydigan dam olish zonalari va piyohlar yo‘laklari barpo etiladi. Bu esa yaqin atrofdagi to‘rtta mahallada yashovchi 25 mingdan ortiq fuqarolar uchun qulay sharoit yaratib, yangi hordiq maskaniga aylanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qarshi magistral kanali bo‘ylab ham yirik turistik zona tashkil etish rejalashtirilgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur loyiha doirasida 235 gektar maydonni obodonlashtirish, mehmonxonalar, restoranlar hamda ko‘ngilochar maskanlarni qurish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu hududning turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi aytilmoqda.
Source: podrobno.uz