So'nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda «qizlik kapsulalari»ni sotish, yetkazib berish va buyurtma qilish, shuningdek, qizlik pardasini jarrohlik yo'li bilan tiklaganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishi rejalashtirilayotgani haqida asossiz ma'lumotlar keng tarqaldi. Ushbu xabarlarda go'yo bunday holatlar oilaviy ajrimlarning ko'payishiga sabab bo'layotgani uchun ushbu masala Oliy Majlisda muhokama qilingani da'vo qilingan edi.
Shuningdek, tarqalgan xabarlarda oxirgi besh yil ichida turmush qurish vaqtida qiz bo'lmagan 187 mingdan ortiq qizlar aniqlangani haqidagi hech qanday rasmiy manbalar bilan tasdiqlanmagan statistika keltirilgan edi. Bundan tashqari, huquq-tartibot idoralariga bunday holatlar haqida xabar bergan fuqarolarga davlat tomonidan pul mukofotlari berilishi ham taxmin qilingandi.
Mazkur vaziyat yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi rasmiy bayonot berib, tarqalgan ma'lumotlar mutlaqo haqiqatga to'g'ri kelmasligini ma'lum qildi. Parlament vakillarining ta'kidlashicha, Qonunchilik palatasida bunday mazmundagi qonun loyihasi umuman mavjud emas, u muhokamaga kiritilmagan va ko'rib chiqilmayapti.
Shu munosabat bilan, mas'ul idoralar fuqarolardan yolg'on va tekshirilmagan xabarlarni tarqatmaslikni, shuningdek, har qanday axborotning soxtaligini oldini olish uchun faqat rasmiy manbalarga tayanib ish ko'rishni qattiq so'rab qolmoqda.
Source: uznews.uz