Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni mamlakatda huquqbuzarliklar profilaktikasini zamon talablari asosida takomillashtirishga qaratilgan muhim taqdimot bilan tanishdi. Yig‘ilish davomida kriminogen vaziyatni baholashning tubdan yangi modelini joriy etish taklif etildi. Unga ko‘ra, mamlakat tarixida ilk bor aholining shaxsiy xavfsizlik hissi va yashirin jinoyatchilik ko‘rsatkichlarini ham hisobga oluvchi “kriminogen barqarorlik indeksi” shakllantirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, 2014-yilda qabul qilingan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunga o‘tgan davr mobaynida 20 tadan ortiq o‘zgartish kiritilgan bo‘lsa-da, uning ayrim normalari bugungi kun voqeligiga va zamonaviy tahdidlarga javob bermay qolgan. Shu munosabat bilan taqdimotda mazkur qonunni yangi tahrirda qabul qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan keng qamrovli takliflar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari yangi qonun huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyat sodir etilgandan keyin choralar ko‘rishga asoslangan eskirgan yondashuvidan voz kechib, xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan proaktiv profilaktika modeliga o‘tishini ta’minlashi zarurligini alohida ta’kidladi. Bugungi kunda huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan 14 ta davlat idorasi shug‘ullanayotgan bo‘lsa-da, ularning vazifalari ayrim hollarda takrorlanib, vakolatlari aniq chegaralanmagani tanqid qilindi.

Taqdimotda profilaktika subyektlari doirasini yana 7 taga kengaytirish taklif qilindi. Prezident bu tashabbusning maqsadga muvofiqligini qat’iy asoslash, eng avvalo, har bir idoraning aniq vazifasi, vakolati va shaxsiy javobgarligini belgilash, ular o‘rtasida samarali hamkorlik mexanizmlarini ta’minlash muhimligini qayd etdi. Shuningdek, yangi tahrirdagi qonun loyihasida Huquqbuzarliklar profilaktikasi komissiyasining vakolatlarini qonun darajasida mustahkamlash nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasida ilk bor profilaktikaning yangi yo‘nalishlari, xususan, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar, kiberjinoyatchilik, uyushgan jinoyatchilik, yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashishda preventiv choralarni keskin kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ijtimoiy va viktimologik profilaktika mexanizmlarini takomillashtirish, ta’lim muassasalarini profilaktika tadbirlari bilan keng qamrab olish, jinoyatdan jabrlangan fuqarolarning xavfsizligi va ijtimoiy himoyasini ta’minlash bo‘yicha yangi normalar ilgari surildi.

Source: kun.uz