Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

So‘nggi yillarda mamlakatimizning media sohasi tashkilotlar soni va formatlar xilma-xilligi bo‘yicha sezilarli darajada o‘sishga erishdi. Shu munosabat bilan, axborot iste’molchilarining o‘zlariga yuzlanib, xolis fikr-mulohazalarni olish zarurati tug‘ilgandi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida keng ko‘lamli Milliy tadqiqot o‘tkazilib, uning natijalari omma e’tiboriga havola etildi.

Ushbu loyiha doirasida mamlakatimizning barcha 14 ta hududini qamrab olgan holda, shahar va qishloq joylarida istiqomat qiluvchi 18 yoshdan katta bo‘lgan 1411 nafar fuqaro uyma-uy so‘rovnoma orqali o‘rganib chiqildi. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston auditoriyasi o‘ziga xos did va tanlovga ega bo‘lgan ongan organizmdir. Respondentlarning yarmidan ko‘pi (50,4%) yangiliklarni muntazam ravishda kuzatib borishini bildirgan bo‘lsa, yana 30,4 foizi bu jarayonga vaqti-vaqti bilan qiziqish bildiradi. Aholi uchun jahon yangiliklaridan ko‘ra ko‘proq mamlakatimizda sodir bo‘layotgan voqealar ahamiyatliroq ekani ma’lum bo‘ldi.

Ma’lumot manbalari borasida esa Telegram messenjeri (51,6%), televideniye (44,6%) va umumiy ijtimoiy tarmoqlar (41,6%) yetakchilik qilmoqda. Biroq iste’mol qilish har doim ham mutlaq ishonchni anglatmasligi ta’kidlandi. Xususan, an’anaviy televideniye, jumladan, davlat telekanallari eng yuqori ishonch darajasiga (44,3%) ega bo‘lib turibdi. Shu bilan birga, Telegram kanallarga respondentlarning atigi 11,3 foizi, ijtimoiy tarmoqlarga esa bor-yo‘g‘i 6,7 foizi ishonch bildiradi, bu esa raqamli makonda feyk xabarlar va ishonchsizlik muammosi saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Tadqiqot shuningdek, qishloq hududlarida va viloyatlarda axborot iste’moli poytaxtga nisbatan ba’zi yo‘nalishlarda hatto yuqoriroq ekanini ko‘rsatdi. Masalan, Navoiy, Xorazm va Buxoro viloyatlarida yangiliklarni muntazam kuzatuvchilar ulushi Toshkent shahridagidan sezilarli darajada yuqori. Shu bilan birga, radio va bosma matbuotga bo‘lgan qiziqishning pasayib borayotgani, shuningdek, kontentni multimodal tarzda iste’mol qilish tendensiyasi kuchayib borayotgani aniqlangan.

Source: www.gazeta.uz