Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 4-noyabr kuni Qashqadaryo viloyatiga amaliy tashrif buyurib, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayoni hamda qator ijtimoiy muassasalardagi mavjud sharoitlarni shaxsan ko‘zdan kechirdi. Tashrif davomida viloyat hokimi Murotjon Azimov suv ta’minotini yaxshilash, turizm salohiyatini oshirish, shuningdek, sog‘liqni saqlash va ta’lim tarmoqlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan qator yirik loyihalarni taqdim etdi.

Xususan, Qashqadaryoning markazi Qarshi shahrining qadimiy qismidagi “Nasaf” qal’asi hududida sayyohlar uchun qulay infratuzilmani yaratish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash maqsadida 2027-yilga borib viloyatda o‘nta obyektni rekonstruksiya qilish va yana bitta yangi tibbiyot obyektini barpo etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, yaqin vaqt ichida Qarshida Chap tarmoq kanalini betonlash hamda uning qirg‘oqlarini obodonlashtirish ishlari boshlanishi kutilmoqda, bu esa minglab gektar yerlarni suv bilan ta’minlash imkonini beradi.

Safar davomida Saida Mirziyoyeva Qarshi shahridagi 43-maktab va 1-sonli maktabgacha ta’lim muassasasiga borib, u yerdagi og‘ir ahvol bilan tanishdi. U bolalar bog‘chasining avariya holatida ekanligi, maktab sinfxonalari sovuqligi va jihozlar eskirganidan tashvish bildirib, bu muammolarni kechiktirmasdan hal etish zarurligini ta’kidladi. Natijada eski bog‘cha o‘rnida zamonaviy 360 o‘rinli yangi bino qurish, maktabni esa to‘liq ta’mirlab, ilg‘or laboratoriyalar va inklyuziv muhit bilan ta’minlash bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Shuningdek, Prezident administratsiyasi rahbari viloyat narkologiya muassasasiga tashrif buyurib, mavjud holatni o‘rgandi va bemorlar bilan muloqot qildi. Uning ta’kidlashicha, kasallikning oldini olish, davolash va reabilitatsiyani qamrab olgan mutlaqo yangi tizim yaratish maqsad qilingan bo‘lib, bu boradagi maxsus dastur mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilmoqda.

Source: www.gazeta.uz