️ Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Gideon Lustig 3-mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Yaqin Sharqdagi keskinliklar bo‘yicha o‘z mamlakatining pozitsiyasini bayon qildi. U, xususan, AQSh bilan birgalikdagi qo‘shma operatsiya nima uchun aynan hozir boshlanganiga izoh berdi, Eronning proksi-kuchlari tomonidan bo‘layotgan tahdidlarni baholadi va nizoning mintaqadagi transport yo‘laklariga ta’siri haqida fikr bildirdi. Elchi, “har bir kishini qiziqtirayotgan” asosiy savol shundan iborat ekanligini ta’kidladi: nima uchun Yaqin Sharqdagi ushbu voqealar aynan hozir boshlandi?
️ Lustigning ta’kidlashicha, “AQSh va Isroil global tahdidni yo‘q qilish bo‘yicha qo‘shma operatsiya o‘tkazmoqda. […] Ammo biz va AQSh o‘rtasida bitta muhim farq bor: aynan biz Eron tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va doimiy tahdid ostida turibmiz. O‘n yillar davomida Eron hukumatlari davlatimizni yo‘q qilish niyati borligini ochiqchasiga e’lon qilib kelgan”. U Eronning Isroilga qarshi muntazam ravishda harakat qilib kelgan uchta asosiy yo‘nalishni sanab o‘tdi: yadroviy infratuzilma obyektlariga zarbalar, uranni boyitish va ballistik raketalar dasturini rivojlantirish.
️ Elchi Isroilning xatti-harakatlari preventiv xususiyatga ega va mamlakatning omon qolishi uchun zarur ekanini urg‘uladi. U shunday dedi: “Gap shundaki, biz ularni aynan hozir to‘xtatishga majbur edik. Agar hozir qat’iy qadamlar tashlanmasa, juda kech bo‘lishi aniq. Biz Eronning yengib bo‘lmas darajadagi harbiy qudratga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ya olmasdik”. Xalqaro tanqidlarga, jumladan, Eronga qilingan hujum xalqaro me’yorlarga zid ekani haqidagi fikrlarga to‘xtalar ekan, Lustig shunday dedi: “Ko‘p yillar davomida bizga qarshi „proksi“ formatida olib borilgan urush bugun faol bosqichga o‘tdi. Ushbu hukumat borasida yanglishmang — u ko‘p yillardan beri bizga barcha imkoni bor usullar bilan hujum qilib kelmoqda”.
️ Diplomat Eron hududi orqali o‘tuvchi “Shimol-Janub” transport-savdo yo‘nalishidan foydalanadigan O‘zbekiston uchun bu vaziyat iqtisodiy qiyinchiliklar tug‘dirishini tan oldi. Biroq u Toshkentni Tehron bilan hamkorlik qilish xavflarini baholashga chaqirdi. Lustig shunday dedi: “Eron ishonchli sherik emas. Eronliklar Hurmuz bo‘g‘ozida kemalarga necha bor hujum qilganini va ularning ittifoqchilari bo‘lgan husiylar savdo kemalarini necha marta o‘qqa tutganini eslang. Xalqaro koridorlar — energetika va savdo yo‘llari xavfsizligi uchun ushbu yo‘nalishlarda bunday hukumatning bo‘lmagani ma’qulroq”.
️ Nizoning muddati haqidagi savolga javob berar ekan, Isroil elchisi dunyo yetakchilarining, jumladan, AQSh prezidenti Donald Trampning baholariga tayanib, operatsiya bir necha hafta ichida yakunlanishi mumkinligini taxmin qildi. U shunday deya xulosa qildi: “Bu doimiy nizo bo‘lib qolmaydi. Bu maqsadlarimizga erishishga aniq yo‘naltirilgan operatsiyadir. Hozirgi tuzum ostida yashashdan unchalik mamnun bo‘lmagan Eron xalqiga biz 47 yildan beri erkinlikni bo‘g‘ib kelayotgan hokimiyatdan qutulish imkoniyatini berishni istaymiz. Ammo yakunda hukumatni o‘zgartirish — bu eronliklarning o‘z ichki vazifasidir”.
️ Eslatib o‘tamiz, yaqinda Eronning Toshkentdagi elchixonasi ham matbuot anjumani o‘tkazgan edi. Elchi Muhammad Ali Iskandariy agressiya davom etar ekan, uning mamlakati AQSh bilan muzokaralar olib bormasligini ma’lum qildi. U javob zarbalari faqat harbiy obyektlarga qaratilganini va mintaqadagi qo‘shnilar hamisha Eronning do‘stlari bo‘lib kelganini ta’kidladi. Elchi, shuningdek, Eron yadroviy qurolga ega bo‘lishga intilmayotganini qo‘shimcha qildi.
Source: www.gazeta.uz