Navoiy viloyati Xatirchi tumanida tosh davriga oid ochiq turdagi manzilgohlar, g‘or makonlari, qoyatosh suratlari va boshqa artefaktlar aniqlandi. Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti xabariga ko‘ra, topilmalar noyabr oyi boshlarida Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlikda Nurota tog‘ tizmasi etaklarida, Angidon mahallasiga qarashli qishloqlarda olib borilgan arxeologik qidiruv ishlari davomida qayd etilgan. Tadqiqotlar hududdagi buloqlar, tog‘ yonbag‘irlaridagi terrasalar va qadimiy makonlar atrofida olib borilgan.
Asosiy faktlar: Xatirchi tumanida tosh davriga oid yodgorliklar ilk bor qayd etildi; topilmalar orasida tosh pichoqlar, retushlangan uchirindilar, plastinalar, mikroplastinkalar, tig‘lar va qirg‘ichlar bor. Artefaktlar taxminan 10–16 ming yil avval boshlangan Golotsenning ilk bosqichlari hamda mezolit-neolit davrlari (miloddan avvalgi 12–3 ming yilliklar) bilan bog‘lanmoqda.
Bu topilmalar Navoiy viloyatining qadimgi tarixi qariyb 10 ming yil va undan ham uzoq davrlarga borib taqalishini ko‘rsatishi mumkinligi bilan muhim. Institut ma’lumotiga ko‘ra, Xatirchi tumani hududida tosh davriga oid arxeologik yodgorliklar avval qayd etilmagan. Yangi manzilgohlar Nurota tog‘ tizmasi etaklarida qadimgi aholining tabiiy resurslardan, xususan buloq va tosh xomashyosidan foydalanish yo‘llarini o‘rganish uchun yangi ilmiy asos yaratadi.
Dala ishlari davomida to‘plangan tosh buyumlar asosan qumtosh va jigarrang kremniydan tayyorlangan. Mutaxassislar artefaktlarning ishlanish texnikasi va saqlanish xususiyatlariga qarab ularning yoshini baholamoqda. Shuningdek, Chinor qishlog‘i atrofida qoyatosh suratlari aniqlangan; kelgusidagi tadqiqotlar uchun istiqbolli buloqlar va mozor-qo‘rg‘onlar xaritaga tushirilgan. Topilgan yodgorliklar mashhur Uchtut, Ijont va Vaush toshga ishlov berish ustaxonalaridan taxminan 25–30 km masofada joylashgan.
Shu sababli Chinor qishlog‘i atrofidagi qadimiy makonlarda ishlatilgan xomashyo ana shu ustaxonalardan keltirilgan bo‘lishi mumkin, degan ilmiy taxmin ilgari surilmoqda. Avvalroq Nurota tog‘ tizmasining Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumaniga to‘g‘ri keluvchi hududida mezolit va neolit davrlariga oid oxra bilan chizilgan qoyatosh suratlari hamda bronza davri manzilgohi aniqlangan edi. Bu holat Nurota tizmasi etaklari qadimda turli davrlarda faol o‘zlashtirilganini ko‘rsatadi.
Institut kelgusida ushbu hududda arxeologik qidiruv va ilmiy tadqiqotlarni davom ettirish, aniqlangan yodgorliklarning madaniy-davriy xususiyatlarini chuqur o‘rganishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu izlanishlar Nurota tog‘ tizmasi etaklarining qadimgi aholi tomonidan o‘zlashtirilishi va mintaqaning tosh davri tarixiga oid yangi ma’lumotlarni aniqlashga yordam berishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz