Toshkent shahar hokimligi elektr quvvatlantirish shoxobchalari bo‘yicha o‘tkazilayotgan xatlov natijalarini e’lon qildi. Ma’lum qilinishicha, 3-mart kuni tuzilgan 12 ta ishchi guruh tomonidan amalga oshirilgan xatlov davomida 300 dan ortiq shoxobcha tekshiruvdan o‘tkazildi. Bu jarayon tarmoq faoliyatini to‘xtatmasdan, ulanishlarni tartibga solish va xavflarni kamaytirish maqsadida olib borilmoqda.
Xatlov natijasida jiddiy qoidabuzarliklar aniqlandi. Xususan, 101 ta shoxobcha zarur hujjatlari (texnik shartlar, hisob-kitoblar va ruxsatnomalar) yo‘qligi sababli vaqtincha elektr tarmog‘idan uzildi. Bundan tashqari, 62 ta shoxobchaning elektr ta’minoti korxonalari bilan shartnomasi mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Hokimlik ta’kidlashicha, bu holatlar turar-joy binolarida haddan tashqari yuklama va uzilishlar xavfini oshiradi.
Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentda quvvati 20 kVtdan yuqori bo‘lgan 1300 ga yaqin tezkor quvvatlantirish qurilmasi o‘rnatilgan. Ushbu qurilmalar elektr tarmoqlari uchun jiddiy yuklamani yuzaga keltiradi, shuning uchun ularning qonuniy asosda ishlashi muhim. “Agar ulanish hisob-kitoblarsiz va texnik shartlarsiz amalga oshirilsa, uylar, maktablar va shifoxonalarda elektr energiyasining barqaror bo‘lishi xavf ostida qoladi”, deb ta’kidladi hokimlik.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar elektromobillik rivojini cheklashga emas, balki energiya tizimining xavfsiz va barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan. Hokimlik, shuningdek, ayrim shaxslarning ushbu mavzuda shov-shuv ko‘tarishga urinishlarini tanqid qilib, bu harakatlar “na shaharga, na aholiga, na bozorga foyda keltiradi” deb bildirdi. Qonuniy doirada ishlashga tayyor tadbirkorlar bilan konstruktiv hamkorlik qilish istagi ham bildirildi.
Aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha vakolatli organlar huquqiy baho beradi va obyektlarni talablarga muvofiqlashtirish bo‘yicha yechimlarni taklif qiladi. Hokimlikning oldingi bayonotlarida, 2-mart kuni elektr quvvatlash shoxobchalarini ulash va ulardan foydalanishda ko‘plab qonunbuzarlik holatlari aniqlangani, jumladan bozorning yirik ishtirokchilari ham qoidabuzarlikda ayblanganligi qayd etilgandi.
Source: www.gazeta.uz