1946-yilning 5-martida Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Uinston Cherchill AQShning Missuri shtatidagi Fulton shaharchasida Vestminster kollejida minglab tinglovchilar, shu jumladan, o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Garri Trumen huzurida tarixiy nutq so‘zladi. Cherchill bu murojaatnomani “Tinchlikning jon tomirlari” deb ataganiga qaramay, u “Temir parda nutqi” sifatida tarixga kirdi. Nutq asosan urushdan keyingi dunyo tartibi va yangi global mojarolarning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan edi.
Cherchill o‘z nutqida Sovet Ittifoqining urush tugaganidan keyin ham davom etayotgan siyosiy-mafkuraviy ambitsiyalariga alohida to‘xtalib, Yevropada Sharq va G‘arb o‘rtasiga “temir parda” tortilganini ma’lum qildi. U SSSRning Markaziy va Sharqiy Yevropada o‘z ta’sirini kuchaytirish, kommunistik mafkurani tobora ko‘proq targ‘ib qilish va hatto kuch bilan o‘rnatishga intilishlari haqida o‘z xavotirlarini bildirdi. Cherchill shuningdek, tinchlikni saqlash uchun AQSh va Britaniya hamdo‘stligini yaqin hamkorlikka, ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarning “alohida munosabatlari”ni, harbiy va strategik hamkorlikni, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti orqali chuqurlashtirishni taklif qildi.
Qisqacha aytganda, bu nutq orqali siyosatchi BMT doirasida SSSR bilan kelishuvlar zarurligini, aynan G‘arb demokratik davlatlarining ittifoqi sovet ta’sirini tiyib turuvchi omilga aylanishi va yangi jahon urushining oldini olishi kerakligini ta’kidladi. Biroq, Cherchill nutqni so‘zlagan paytda umuman hukumat lavozimida emasdi – u 1940-1945-yillarda bosh vazir bo‘lib ishlagan, lekin 1946-yilda endi asosiy qarorlarni qabul qilish vakolati uning qo‘lida emas edi. Uning AQShga tashrifi norasmiy – davlat rahbari yoki Buyuk Britaniyaning rasmiy vakili sifatida emas, balki Vestminster kolleji va shaxsan prezident Trumenning taklifiga binoan xususiy shaxs sifatida amalga oshirilgan.
Shunga qaramay, uning so‘zlari xalqaro siyosatning yangi bosqichi haqidagi manifest sifatida qabul qilindi, SSSRda keskin munosabat uyg‘otdi va “sovuq urush” boshlanishining ramzlaridan biriga aylandi. Stalin Cherchilga ochiqchasiga javob qaytarib, uning so‘zlarini “ittifoqchi davlatlar o‘rtasiga nifoq urug‘ini sochishga va hamkorligini murakkablashtirishga mo‘ljallangan xavfli harakat” deb atadi. Bu bilan kifoyalanmay, Cherchilni Adolf Gitler bilan bir qatorga qo‘ydi: Gitler oriy irqining ustunligini yoqlagan bo‘lsa, Cherchill, Stalinning fikricha, ingliz tilida so‘zlashuvchi xalqlarning jahondagi hukmronligi tarafdori edi.
Stalinning raddiyasi va SSSRning pozitsiyasini oqlovchi bayonotlariga qaramay, Cherchilning xavotir va chaqiriqlari o‘rinli bo‘ldi. 1944-1945-yillarda SSSR qo‘shinlari Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlariga kirib kelgandi. Lekin Qizil Armiya urush tugaganidan keyin ham mintaqani tark etishga shoshilmadi, aksincha, asosiy harbiy kuch sifatida amalda o‘z mavqeini mustahkamlab, keyingi siyosiy bosimlar uchun zamin hozirlayotgandi. 1946-yilning martida Bolgariya, Ruminiya, Chexoslovakiya, Polsha va Vengriyada ko‘ppartiyaviylik tizimi rasman saqlanib qolganiga qaramay, mahalliy hokimiyat ustidan barqaror sovet nazoratini o‘rnatish uchun shart-sharoitlar yaratilayotgandi.
Source: www.gazeta.uz