O‘zbekiston qayiq slalom jamoasi Tailandda 2-8 mart kunlari bo‘lib o‘tgan Osiyo yoshlar (U18) va o‘smirlar (U23) chempionati hamda ICF Jahon reytingi xalqaro turnirida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Mamlakatimiz sportchilari 5 ta oltin, 4 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Asosiy yutuqlar “kayak-kross” yo‘nalishida qayd etildi. Samandar Saydullayev U23 toifasida ikkita kumush va bitta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Yoshlar o‘rtasida esa 16 yoshli Ibrohim Nosirjonov C1M (U18) yo‘nalishida oltin medal sohibiga aylandi.
Osiyo chempionatida oltin medallar Samandar Saydullayev (K1M, U23) va Sherzod Qurbonaliyev, Ibrohim Nosirjonov, Asilbek Ernazarovdan iborat jamoa (C1 jamoa, U23) hisobiga yozildi. “Qisqa slalom” yo‘nalishida esa Ibrohim Nosirjonov oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Osiyo chempionatining kumush medallari Asilbek Ernazarov (C1M, U18) va Samandar Saydullayev, Mustafo Matiboyev, Doniyor Islomovdan iborat jamoa (K1 jamoa, U23) hisobiga yozildi. Bronza medallar esa Sherzod Qurbonaliyev va Mustafo Matiboyevga nasib etdi.
Jamoa bosh murabbiyi Rustam Ruziyevning aytishicha, musobaqalarga tayyorgarlik yanvar-fevral oylarida Birlashgan Arab Amirliklarining Al-Ayn shahrida o‘tkazilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida olib borilgan.
Qayiq slalom Olimpiya sport turi hisoblanadi va O‘zbekistonda uning rivojlanishi Sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya qo‘mitasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Source: podrobno.uz