Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Janubiy Koreyaning Yosu shahridagi chet elliklar vaqtinchalik saqlash muassasasida boʻlgan 11 nafar Oʻzbekiston fuqarosi mart oyining oxirigacha vatanga qaytarilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Dunyo.info axborot xizmati xabar berdi.

Oʻzbekistonning Seuldagi elchixonasi xodimlari muqaddas Ramazon oyida ushbu muassasaga tashrif buyurishdi. Diplomatlar oʻz vatandoshlari bilan uchrashib, ularning saqlanish sharoitlari bilan tanishdilar va zarur konsullik va huquqiy yordam koʻrsatdilar. Fuqarolarning qarindoshlari bilan aloqani tiklash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Elchixona vakillari muassasa rahbariyati bilan ham uchrashuv oʻtkazib, kelajakda vatandoshlarning muammolarini tezkor hal qilish uchun amaliy hamkorlikni rivojlantirish muhokama qilindi. Tomonlar konsullar, advokatlar va tarjimonlar ishtirokidagi uchrashuvlarni tashkil etish uchun favqulodda aloqa mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, tibbiy va boshqa zarur yordam koʻrsatish masalalarini muhokama qildilar.

Hozirda ushbu muassasada 11 nafar Oʻzbekiston fuqarosi saqlanayotgani maʼlum qilindi. Elchixona xodimlari ular bilan alohida konsullik uchrashuvlari oʻtkazib, huquqiy maslahatlar berishdi. Janubiy Koreya tomoni bilan olib borilgan muzokaralar natijasida bu fuqarolarni mart oyi oxirigacha vatanga qaytarish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Source: kun.uz