Raqobat qo‘mitasi 2025-yilda davlat buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilgan jami boshlang‘ich qiymati 18,8 trillion so‘m bo‘lgan 23 mingdan ortiq davlat xaridlari bo‘yicha o‘rganishlar olib bordi. O‘rganishlar natijasida buyurtmachi va ishtirokchilar tomonidan 16 135 ta savdolar jarayonida 28 304 ta raqobatga zid harakatlar aniqlandi, deb xabar bermoqda idora matbuot xizmati.
Xususan, ushbu holatlar huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa vakolatli organlar bilan hamkorlikda o‘rganilgan. Natijada 11 427 ta xaridlarda aniqlangan holatlar yuzasidan belgilangan tartibda mazkur organlarga ma’lumotlar taqdim etildi. 4708 ta xaridlar bo‘yicha vakolat doirasida ishlar qo‘zg‘atilib, davlat xaridlari subyektlari mansabdor shaxslarga nisbatan 714 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudlarga yuborildi.
Shu bilan birga, qo‘mita tomonidan davlat xaridlarida qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan korporativ buyurtmachilarga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarimalar qo‘llanilib, qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
1-martdan davlat xaridlari portalida davlat xaridlari uchun tovarlar va xizmatlarning o‘rtacha bozor narxini hisoblaydigan sun’iy intellektga ega elektron modul ishga tushirilishi rejalashtirilgan edi, bu esa narxlar bo‘yicha shaffoflikni oshirishga qaratilgan.
Raqobat huquqi bo‘yicha mutaxassis Xusain Radjapov Gazeta uchun yozgan kolonkasida 2024−2025-yillarda davlat xaridlarining qariyb yarmi — 2024-yilda 46 foiz, 2025-yilda 43 foiz qismi tendersiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar va yagona yetkazib beruvchilar orqali amalga oshirilganini qayd etgandi. Shundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar ulushi 28 foizni tashkil qiladi, bu esa raqobatning cheklanishi va korrupsiya xavfini oshirishi mumkin.
Source: www.gazeta.uz