O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi Bahrayn va AQShdan ekstraditsiya qilinib, mamlakatga qaytarildi. Bu jarayon Interpolning Toshkent va Manamadagi Milliy markaziy byurolari o‘rtasidagi hamkorlik, shuningdek, ikki davlat vakolatli idoralarining muvofiqlashtirilgan harakatlari orqali amalga oshirilgan.
Birinchi holatda, firibgarlik sodir etganlikda gumonlanib xalqaro qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi Bahrayndan ekstraditsiya qilindi. Interpolning xalqaro politsiya hamkorligi kanallaridan foydalanish bu operatsiyaning muvaffaqiyatli o‘tishida muhim rol o‘ynadi. Vazirlik ta’kidlashicha, bu transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashda xalqaro hamkorlikning ahamiyatini ko‘rsatadi.
Ikkinchi holatda, AQSh elchixonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan qo‘shma tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida o‘ta yirik miqdordagi o‘g‘rilikda gumonlanib qidiruvda bo‘lgan yana bir O‘zbekiston fuqarosi AQShdan deportatsiya qilindi. Muzokaralar va axborot almashinuvi natijasida AQShning vakolatli organlari qidiruvdagi shaxsni O‘zbekistonga chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Vazirlik qayd etishicha, har ikki holat huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik va Interpol kanallari orqali axborot almashinuvi transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashda muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, 11-mart, chorshanba kuni AQSh O‘zbekistonga deportatsiya reysini amalga oshirib, mamlakatda qolish uchun qonuniy ruxsatga ega bo‘lmagan 72 nafar O‘zbekiston fuqarosini qaytarib yuborganligi eslatib o‘tilmoqda.
Source: www.gazeta.uz