Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoni yana kechiktirilishi mumkin, chunki ayrim mamlakatlar Toshkentning hujjatlarini ko‘rib chiqish jarayonini sekinlashtirmoqda. Bu haqda 17-fevral kuni prezidentning JST masalalari bo‘yicha vakili, bosh muzokarachi Azizbek Urunov jurnalistlarga ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, a’zolik muddati mart oyidan keyinga qolishi ehtimoli bor, chunki hozir ham ayrim davlatlar hujjatlarni tekshirishni cho‘zmoqda.

Urunov ta’kidladi: “Agar qaror faqat O‘zbekistonga bog‘liq bo‘lganida, biz mart oyidayoq tashkilotga qo‘shilishga tayyor bo‘lardik. Lekin bu faqatgina bir tomonlama jarayon emas, tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Biz JSTga faqat a’zo mamlakatlarning qarori asosida qo‘shilishimiz mumkin.” U shuningdek, mamlakat JSTning barcha me’yorlarini qabul qilishga majbur ekanligini, istisnolar esa tashkilot kelishuvlarining ajralmas qismi sifatida har bir toifa (rivojlangan, rivojlanayotgan, eng kam rivojlangan) uchun o‘z shartlari mavjudligini izohladi.

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish jarayonini 2026-yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan 14-vazirlar konferensiyasiga qadar yakunlashni rejalashtirgan edi. Biroq, dekabr oyida Urunov jarayonning “kutilmagan tarzda sekinlashishi” xavfi haqida ogohlantirgan, chunki ayrim a’zolar Toshkentni tashvishga soladigan savollar yubormoqda. Yil boshida u O‘zbekistonning 30 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilgani va yana 30 ga yaqin hujjat tayyorlaganini, 34 a’zodan 33 nafari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilgani, faqat Tayvan bilan muzokaralar qolganini aytgan.

Source: www.gazeta.uz