O‘zbekistonda 2025-yilda hokim yordamchilari tomonidan 8 ta korrupsion jinoyat sodir etilganligi rasman ma’lum qilindi. Bu haqda 12-mart kuni Kontent tayyorlash markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jo‘rayev gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha qariyb 9 ming mahallada faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilarining ish beruvchisi tuman hokimliklari hisoblanadi, ammo ularning faoliyatini metodologik qo‘llab-quvvatlash Bandlik vazirligi zimmasida.
Marat Jo‘rayev hokim yordamchilarining muhim rolini ta’kidlab, “Har bitta tashabbus va islohotlarimizni mahallada yurgizadigan vakil, bu albatta, hokim yordamchisi hisoblanadi” dedi. Ular aholi bandligini ta’minlash, norasmiy ish o‘rinlarini soyadan chiqarish, oilaviy tadbirkorlik dasturlarini amalga oshirish, fuqarolarni kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘al oila bilan ishlash va ularning daromadini oshirish kabi vazifalarni bajaradi. Shu bois fuqarolar ushbu masalalar bo‘yicha bevosita hokim yordamchisiga murojaat qilishi mumkin.
Vazir o‘rinbosari ijtimoiy tarmoqlarda hokim yordamchilari bilan bog‘liq korrupsion holatlar “vahima” sifatida ko‘rsatilishiga qaramay, amalda bunday holatlar soni ko‘p emasligini ta’kidladi. “O‘tgan yili hokim yordamchilari 8 ta holatda korrupsiyaga qo‘l urgani aniqlangan. Bu barcha ijtimoiy tarmoqlar va platformalarda tarqalgani tufayli vahima bo‘lgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yuritiladigan reytingda hokim yordamchilari Top-10 talikka ham kirmaydi. Ammo bunday holatlarning bitta bo‘lishi ham ko‘p, biz buni juda yaxshi tushunamiz”, dedi Jo‘rayev.
Marat Jo‘rayevning aytishicha, 2026-yil fevral oyidan boshlab hokim yordamchisi lavozimiga nomzodlar korrupsiyaga qarshi kurashish barqarorlik darajasini baholash uchun test sinovlaridan o‘tmoqda. “Test natijasiga qarab, keyin lavozimga tasdiqlanadi. Bu tajribani fevralda boshlagan bo‘lsak, shu vaqt ichida 170 nafar nomzod test topshirdi. Agar ular testni topshira olmasa, qayta o‘qitishga yuboriladi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi rahbar xodimlarni baholash markazi bilan birgalikda amalga oshirilyapti. Nomzodlar testni topshirmaguncha bu lavozimga tayinlanmaydi”, deya tushuntirdi u.
Oldingi ma’lumotlarga ko‘ra, Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxanov 2025-yilda O‘zbekistonda 5222 ta korrupsion jinoyat sodir etilganini bildirgan edi. Uning aytishicha, o‘tgan yilda 12 nafar hokim javobgarlikka tortilgan, eng ko‘p korrupsion jinoyatlar esa sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari hamda mahalliy hokimliklarda qayd etilgan.
Source: www.gazeta.uz