Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda kimyo sanoatida ekologik muammolarni hal qilish va yangi mahsulotlar chiqarishni rivojlantirish maqsadida fosfogips chiqindilarini qayta ishlash va sulfat kislotasi ishlab chiqarish loyihasi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda “O‘zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi Odil Temirov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

11-mart kuni prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda kimyo tarmog‘ining yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish salohiyati muhokama qilingan. Davlat rahbari ushbu imkoniyatlardan foydalanishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan, shu jumladan “Ammofos-Maksam” korxonasi atrofida to‘planib qolgan 78 million tonna fosfogips chiqindilarini qayta ishlash masalasi ko‘rib chiqilgan.

Fosfogips — fosforli o‘g‘itlar va fosfor kislotasi ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan asosiy chiqindi hisoblanib, uzoq yillar davomida ekologik tahdid sifatida qaralgan. Prezident bu chiqindilarni qayta ishlash va hozirda bozorda talab yuqori bo‘lgan sulfat kislotasini ishlab chiqarish loyihasini tezlashtirishni buyurgan.

Temirovning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning amalga oshirilishi sulfat kislotasini an’anaviy oltingugurtdan emas, balki qayta ishlangan fosfogipsdan olish imkonini beradi. Buning uchun zarur texnologiya sinchiklab o‘rganilib tanlab olindi va hozirda uni joriy etishni tezlashtirish vazifasi qo‘yilgan.

Davlat rahbari yil yakuniga qadar loyihani amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash va investitsiyalar hajmini kamida ikki baravarga oshirish bo‘yicha topshiriq bergan. “Ammofos-Maksam” korxonasi 1969-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, O‘zbekistonning eng yirik kimyo korxonalaridan biri hisoblanadi va “O‘zkimyosanoat” tarkibiga kiradi.

Source: www.gazeta.uz