Buyuk Britaniyada birinchi ukrainalik zarba beruvchi uchuvchisiz samolyotlar (BPLA) ishlab chiqarish zavodi ishga tushdi. Buni 25-fevral kuni Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi Valeriy Zalujniy ma'lum qildi.
Uning so'zlariga ko'ra, ishlab chiqarish majmuasi Ukrspecsystems ukrainalik kompaniyasiga tegishli bo'lib, ularning BPLAlari zamonaviy urush sharoitida o'z samaradorligini isbotlagan. Kompaniyaning muhandislik markazi Ukrainada ishlashni davom ettiradi, ishlab chiqarish liniyalari esa Buyuk Britaniyaga ko'chirilgan.
Zalujniy ta'kidladiki, korxonani chet elda ishga tushirish Ukrainadan asosiy quvvatlarni ko'chirish degani emas. Bu "ikkinchi mustahkamlik konturi"ni yaratishdir, bu doimiy raketa hujumlari va infratuzilma uchun tahdidlar sharoitida ishlab chiqarishning uzluksizligini ta'minlaydi.
Elchi qo'shimcha qildi: hamkorlik loyihasi ittifoqchilarning umumiy sanoat xavfsizlik bazasini shakllantiradi. Ukraina uchun bu barqarorlik va uzoq muddatli rejalashtirish imkoniyatlarini, Buyuk Britaniya uchun esa yangi ish o'rinlari va jangovar sharoitda sinovdan o'tgan texnologiyalarga kirish orqali mudofaa sohasini kuchaytirishni ta'minlaydi.
Kiyev va London 2025-yil yozida qo'shma ishlab chiqarish to'g'risidagi kelishuvni e'lon qilgan edi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan uchrashuvidan so'ng kelishuv haqida xabar berib, hamkorlik dronlarni ushlab qolish va zarba beruvchi BPLAlar ishlab chiqarishni o'z ichiga olgan loyihalarni barqaror moliyalashtirishni ta'minlaydi, deb ta'kidladi.
Source: kun.uz