Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh Moliya vazirligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) O'zbekiston fuqarosi Azizjon Mahmudovich Mamashoevni sanksiyalar ro'yxatiga kiritdi. AQSh ma'lumotlariga ko'ra, u Rossiya xakerlari bilan aloqada bo'lib, kiberjinoyatlarda ishtirok etganlikda gumon qilinmoqda. Boshqarma veb-saytida sanksiyalar ro'yxatini yangilash to'g'risida matbuot relizi e'lon qilindi.

AQSh tomoni uning shaxsiy ma'lumotlari, jumladan, pasport ma'lumotlarini oshkor qildi. Ushbu ma'lumotlarga ko'ra, Mamashoev 1987-yilda tug'ilgan va O'zbekiston fuqarosi hisoblanadi.

Shuningdek, sanksiyalar ro'yxatiga unga tegishli Dubayda 2025-yilda ro'yxatdan o'tgan Advance Security Solutions kompaniyasi ham kiritildi. Kompaniyaning yuridik manzillari ro'yxatida Toshkent ham ko'rsatilgan.

Kompaniya hujumkor kiberxavfsizlik sohasida faoliyat yuritadi va, xususan, AQShda ishlab chiqarilgan dasturiy ta'minotdagi zaifliklar haqidagi ma'lumotlar uchun mukofot taklif qilib, eksploit brokeri sifatida ishlaydi.

O'zbekiston fuqarosidan tashqari, sanksiyalar Rossiya fuqarolari Oleg Kucheryov, Marina Vasanovich va Sergey Zelenyukni ham qamrab oldi. Oxirgisi zararli dasturiy ta'minot yordamida AQSh davlat organlari va tibbiy muassasalariga kiberhujumlar tashkil qilganlikda gumon qilinmoqda. Hujjatda ko'rsatilishicha, Mamashoevni o'z ichiga olgan barcha shaxslar Zelenyuk va uning tuzilmasiga moddiy yoki texnik yordam ko'rsatgan.

Maxsus belgilangan fuqarolar va bloklangan shaxslar ro'yxati AQSh Moliya vazirligining asosiy sanksiyalar ro'yxati hisoblanadi. Unga kiritilgan kompaniyalar va jismoniy shaxslarga qat'iy cheklovlar joriy qilinadi: ularning aktivlari muzlatiladi, AQSh fuqarolari va tashkilotlariga ular bilan har qanday operatsiyalar olib borish taqiqlanadi.

2025-yil noyabr oyida OFAC O'zbekistonda ro'yxatdan o'tgan Datavice kompaniyasini ham sanksiyalar ro'yxatiga kiritdi. AQSh tomonining ma'lumotlariga ko'ra, bu tuzilma Rossiya infratuzilmasi yoki kiberjinoyatchilik faoliyatini qo'llab-quvvatlash bilan bog'liq bo'lishi mumkin.

Source: kun.uz