Prezident qaroriga ko‘ra, "Vaqf" fondiga 800 milliard so‘m ajratildi. Hujjatda "davlat taʼminotidagi oila" toifasidagi oilalar, yolg‘iz yashaydigan va parvarishga muhtoj keksalar, nogironlar, shuningdek, yetimlar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar yashaydigan oilalar uchun 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘zda tutilgan.
Foto: Kun.uz
Ramazon oyida muhtoj aholiga davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori eʼlon qilindi. Hujjatda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash choralari belgilangan.
Qarorga ko‘ra, ijtimoiy reyestrning "davlat taʼminotidagi oila" toifasidagi oilalari, yolg‘iz yashaydigan va parvarishga muhtoj keksalar, nogironlar, shuningdek, yetimlar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar yashaydigan oilalarga 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam to‘lanadi.
Bundan tashqari, ijtimoiy reyestrning "kam taʼminlangan oila" toifasidagi oilalari, shuningdek, "mahalla etti kishisi" tomonidan tuziladigan qo‘shimcha ro‘yxatga kiritilgan muhtoj oilalarga 500 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam beriladi. Shu bilan birga, qo‘shimcha ro‘yxatga kiritiladigan oilalar soni tegishli mintaqadagi "davlat taʼminotidagi oila" toifasidagi oilalar umumiy sonining 20 foizidan oshmasligi kerak.
Shuningdek, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning 6 ming kasal aʼzolarining davolanish va jarrohlik operatsiyalari xarajatlari qoplanadi. Muhtoj fuqarolarni tibbiy muassasalarga yo‘naltirish va xizmatlar uchun to‘lov amalga oshirish alohida axborot moduli orqali tashkil etiladi, uning ishga tushirilishi 1 martgacha rejalashtirilgan.
Ko‘rsatilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun "Vaqf" fondiga 800 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. To‘lanadigan moddiy yordam jismoniy shaxslarning daromad solig‘ini hisoblashda ularning yalpi daromadiga kiritilmasligi belgilangan.
Yordam oluvchilar ro‘yxati Milliy ijtimoiy himoya agentligi va mahallalar tomonidan 5 kun ichida tuzilib, "Vaqf" fondiga taqdim etiladi. Mablaglar 2026 yil 1 martgacha "Xalq banki" orqali fuqarolarning ijtimoiy yoki bank kartalariga o‘tkaziladi.
Source: kun.uz