O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov farmatsevtika sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda dori-darmon importini tartibga solish, sifat nazoratini kuchaytirish va muammolarni birgalikda hal etish zarurligini ta’kidladi.
Mavlonovning ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda farmatsevtika sohasidagi aylanma hajmi 2 mlrd dollarni tashkil etgan, bu 2024-yilga nisbatan 18 foizga oshgan. Eksport hajmi esa 32 mln dollarga yetgan.
U farmatsevtika mahsulotlari importi oziq-ovqat importidan salgina ortda qolayotganini ta’kidladi: “Biz oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni deyarli bir xil hajmda iste’mol qilyapmiz. Bu juda katta raqam. Birinchi navbatda qilishimiz kerak bo‘lgan ish — ushbu ko‘rsatkichni kamaytirishdir”.
Importning 85 foizi (taxminan 1,7 mlrd dollar) tayyor dori vositalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Asosiy import qiluvchilar Grand Pharm Trade, Meros Pharm, Farm Lyuks Invest, GD Pharm, Eurofarm Business va Astor Alliance kompaniyalari hisoblanadi.
Mavlonov sifatsiz preparatlar olib kirilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini alohida ta’kidladi: “Bunda mamlakatga yaroqlilik muddati o‘tgan, sifatsiz yoki nojo‘ya ta’sirlarga ega bo‘lgan dori vositalari kirib kelmasligi kerak”.
Farmatsevtika sohasini tartibga solish prezidentning “shaxsiy nazoratida” turibdi. 2026-yildan boshlab dori vositalari faqat GCP talablariga javob beradigan va tegishli saqlash sharoitlariga ega bo‘lgan bojxona va erkin omborlarda saqlanishi mumkin.
Source: www.gazeta.uz