Germaniyaning sharqiy qismidagi Leyptsig shahrida yirik fojia yuz berdi. Shahar markazidagi Grimmaische ko‘chasida noma’lum shaxs boshqaruvidagi mashina olomon orasiga haydab kirib, kamida ikki kishining o‘limiga va bir necha kishining jarohatlanishiga sabab bo‘ldi.
Grimmaische ko‘chasi Leyptsigning asosiy savdo ko‘chalaridan biri bo‘lib, shaharning tarixiy maydoni va bir qancha diqqatga sazovor joylarini bog‘laydi. Voqea sodir bo‘lgan paytda ko‘cha gavjum bo‘lgan.
Hodisa joyiga tez yordam, politsiya, o‘t o‘chirish mashinalari va vertolyot yetib kelgan. Politsiya xodimlari vaziyatni “dinamik” deb atab, hozircha batafsil ma’lumot berishdan bosh tortgan.
Leyptsig meri Burkard Yung voqea joyida jurnalistlarga ma’lum qilishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra ikki kishi halok bo‘lgan, hudud xavfsizlik choralari bilan qurshab olingan. “Bu juda dahshatli. Hozir faqat qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirishim mumkin”, degan mer.
Merning qo‘shimcha qilishicha, barcha tafsilotlar politsiya va tergov organlari tomonidan aniqlanadi. Voqea sabablari va aybdor haqida hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q.
Source: www.dw.com