Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida 38 yoshli maktab direktori J.I. Telegram messenjeri orqali voyaga yetmagan qizga shahvoniy xarakterdagi xabarlar yuborgani uchun ma'muriy javobgarlikka tortildi. Sud hukmiga ko‘ra, u 5 sutka muddatga ma'muriy qamoq jazosiga hukm qilindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yuqori Chirchiq tuman sudida 22-aprel kuni ko‘rilgan ishda jabrlanuvchining qonuniy vakili B.K. sudga murojaat qilib, 16-17-aprel kunlari J.I. Telegram orqali uning voyaga yetmagan qizi S.E.ga turli shahvoniy mazmundagi SMS xabarlar jo‘natganini bildirdi. Jabrlanuvchi vakili J.I.ning lavozimiga loyiq emasligini ta'kidlab, suddan og‘irroq jazo tayinlashni so‘radi.
Gumonlanuvchi J.I. sudda o‘z aybiga iqror bo‘lib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirdi va bunday holat takrorlanmasligini aytib, yengillik berishni iltimos qildi. Biroq sud uning iltimosini inobatga olmadi.
Sud J.I.ni Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasida (Shahvoniy shilqimlik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topdi va unga 5 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinladi. Jazoni o‘tash muddati 2026-yil 22-apreldan boshlab hisoblanadi.
Shuningdek, sud qaroriga ko‘ra, J.I.dan maxsus qabulxonada saqlash bilan bog‘liq xarajatlar uchun 309 000 so‘m undirilishi belgilandi. Ushbu holat jamiyatda ta'lim sohasi xodimlarining axloqiy mas'uliyati haqida jiddiy savollar tug‘dirmoqda.
Source: www.gazeta.uz