Farg‘ona viloyatida 1 yoshu 7 oylik o‘g‘il farzandini 35 ming dollarga sotishga uringan ota-ona huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda Zo‘r TV telekanalining “Bu kun” dasturida xabar berildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, er va xotin o‘z farzandini boshqa bir shaxsga 35 ming dollar evaziga sotishga kelishgan. Ular pulni olayotgan vaqtda tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, gumonlanuvchilarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Ushbu voqea jamiyatda katta rezonansga sabab bo‘ldi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bolalar savdosi og‘ir jinoyat hisoblanadi va qonunda qattiq jazolanishi belgilangan.
Source: www.gazeta.uz