21-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda o‘qituvchilar maoshi, uni oshirish mexanizmlari va malaka talablari muhokama qilindi. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova so‘nggi yillarda maoshlar oshirilganini ta’kidlab, yuqori daromad asosan o‘z ustida ishlayotgan pedagoglarga to‘g‘ri kelayotganini bildirdi.
Anjumanda jurnalistlardan biri hozirda 10–20 million so‘m atrofida maosh olayotgan o‘qituvchilar soni umumiy pedagoglar soniga nisbatan juda kamligini qayd etdi. Uning aytishicha, bunday maosh oluvchilar 24 ming nafardan ortiq bo‘lib, bu umumiy o‘qituvchilarning taxminan 3 foizini tashkil etadi. Shu bilan birga, o‘qituvchilar maoshi hali 1000 dollarga ham yetmagani ta’kidlandi.
“Juda ham achinarli raqamlar. O‘zbekistonda vazirlar 50 ming dollarlik soat taqayotganda, o‘qituvchilarning maoshi hali 1000 dollarga ham chiqqani yo‘q. 1000 dollarga chiqquncha 1000 dollar ham deyarli qadrsizlanib bo‘ldi. O‘qituvchilarning maoshi qachon normallashadi, me’yorlashadi?” — dedi jurnalist.
Vazir E’zozxon Karimovaning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 10 yilda o‘qituvchilar maoshi uch barobarga oshgan. U bu o‘sishni ta’kidlar ekan, bugungi kunda yuqori maoshni asosan o‘z ustida ishlayotgan, malakasini oshirayotgan pedagoglar olayotganini qayd etdi.
Uning tushuntirishicha, o‘qituvchilar turli ustamalar — jumladan, 70 foizgacha qo‘shimcha haq, shuningdek maktab tomonidan 40 foizgacha belgilanadigan rag‘batlantiruvchi to‘lovlarni olishi mumkin. “O‘zining ustida ishlayotgan ustoz, shu oshirilgan maoshni olyapti”, — dedi vazir.
Shu bilan birga, u o‘qituvchilar maoshini oshirish masalasi to‘liq vazirlik vakolatiga kirmasligini, biroq bu yo‘nalishda ishlar olib borilayotganini bildirdi. “Ha, to‘g‘ri. Hozir siz aytganday, vazirlarning maoshiga qaraganda, ustozlarimiz olayotgan maoshi juda ham kam. Lekin biz bu bo‘yicha ishlayapmiz. Ularning oyligini oshirish vazirlikning vakolat doirasida emas-da. Lekin ishlayapmiz”, — dedi E’zozxon Karimova.
Vazirning ta’kidlashicha, yuqori maosh olayotgan o‘qituvchilar soni kam bo‘lsa-da, bu ko‘proq ularning malakasi va o‘z ustida ishlashi bilan bog‘liq. “Faqat bitta narsaga e’tibor berishingizni xohlardim. Bugun o‘zining ustida ishlayotgan [o‘qituvchi yuqori maoshni] olyapti. O‘sha 3 foiz, ya’ni 24 mingdan ortiq ustoz olyapti. Demak, o‘zining ustida ishlasa, oladi”, — dedi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchilarning daromadiga malaka va sertifikatlar ham ta’sir qiladi. Xususan, xorijiy til o‘qituvchilari uchun B2 darajadagi sertifikat talabi joriy etilgan. “Kuni kecha ikkinchi sinf navoiylik o‘quvchimiz B2 darajani oldi. Nimaga o‘sha maktabda dars berayotgan o‘qituvchimiz B2 ni olmasligi kerak? O‘sha sertifikatga ega bo‘lsa, unga ham [ustama] qo‘shiladi” — dedi u.
Vazirning ta’kidlashicha, xorijiy til o‘qituvchilari uchun B2 sertifikati talabi joriy etilgan bo‘lsa-da, hozir ham 8–10 mingga yaqin o‘qituvchida bunday malaka mavjud emas. “Lekin negadir bugun 8–10 mingga yaqin ustozlarimiz qoldi. O‘quv yili tugashiga qadar bu masala yana ko‘tariladi”, — dedi u.
Uning aytishicha, ayrim hollarda o‘quvchilar maktabda zarur darajada bilim ololmagani uchun qo‘shimcha ravishda o‘quv markazlariga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda. “Bugun maktab o‘quvchisiga B2 sertifikatiga ega bo‘lmagan ustoz dars berayotgan bo‘lsa, ota-onaning mehnati bilan u markazga borib, o‘sha xorijiy tilni o‘zlashtiryapti. Sizning farzandingizga B2 ga ham ega bo‘lmagan ustozning dars berishiga rozi bo‘larmidingiz, ortiqcha pul evaziga?” — dedi vazir.
Shu bilan birga, anjumanda jurnalistlar tomonidan yuqori maosh olish uchun sifatli o‘qituvchilar yetarli emasmi, degan savol ham ko‘tarildi. Vazir bu fikrga qo‘shilmasligini bildirib, tizimda sifatli kadrlar mavjudligini ta’kidladi. “Yo‘q, sifat bor. Sifatli ta’lim bo‘lgani uchun o‘zining ustida ishlayotgan o‘qituvchi yuqori maoshni olyapti”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchilar soni 500 mingdan ortiq bo‘lib, barchasining maoshini bir vaqtda keskin oshirish imkoni mavjud emas. Shu bois, bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. “Biz maoshlarni oshirish bo‘yicha ishlayapmiz. Lekin bu birdaniga emas, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi”, — dedi vazir.
Vazir o‘rinbosari Azizbek Turdiyev esa yuqori maosh oluvchi o‘qituvchilar soniga cheklov qo‘yilmaganini ta’kidladi. Uning aytishicha, har bir pedagog o‘z ustida ishlashi orqali daromadini oshirishi mumkin. “3000 nafargina shu maoshni olsin, degan cheklov yo‘q. Agar 50 ming o‘qituvchi o‘z ustida ishlasa, marhamat, ular ham shu maoshni oladi”, — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, maoshlar o‘qituvchining malakasi va natijalariga bog‘liq bo‘lib, bu jarayonda cheklov emas, aksincha, rag‘batlantirish mexanizmi ustuvor hisoblanadi. Turdiyev bu holatni boshqa sohalar bilan taqqoslab, barchaga bir xil maosh to‘lash adolatli emasligini qayd etdi. “Masalan, futbolda ham yuqori maosh oladigan o‘yinchi bor, kamroq oladigani ham bor. Agar o‘z ustida ishlamagan odamga ham, ishlab natija ko‘rsatganga ham bir xil maosh berilsa, bu ijtimoiy adolat bo‘ladimi?” — dedi vazir o‘rinbosari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, attestatsiya jarayonlari o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashga qiziqishi ortganini ko‘rsatmoqda. Xususan, malaka toifalari bo‘yicha attestatsiyada ishtirok etayotganlarning katta qismi ixtiyoriy qatnashmoqda. Shuningdek, tahlillarga ko‘ra, 19–29 yoshli o‘qituvchilar orasida yuqori natija ko‘rsatganlar ulushi katta bo‘lib, ularning qariyb 24 foizi eng yuqori ballni qo‘lga kiritgan. “Kim o‘z ustida ishlasa, uning maoshi oshib boraveradi. Ya’ni oshirilgan oylikka chegara qo‘yilmagan”, — dedi u.
Ma’lumot uchun, pedagoglarga ustamalar amaldagi qonunchilik asosida qarab belgilanadi. Xususan, attestatsiya jarayonida 86 va undan yuqori ball to‘plab, oliy yoki birinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagoglarga bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 70 foizgacha ustama to‘lanadi. Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida direktor jamg‘armasi hisobidan ayrim xodimlarga bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 40 foizgacha qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi to‘lovlar ajratilishi mumkin. Bundan tashqari, maktablarda o‘z fanidan xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagoglarga 50%, milliy test tizimida olingan sertifikatga ega o‘qituvchilarga 20% ustama to‘lanadi.
Source: www.gazeta.uz