Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev Quva tumanidagi “Karkidon” suv ombori hududida barpo etilayotgan yangi turizm majmuasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu maskan Farg‘ona vodiysida yozgi dam olish, ekoturizm va faol hordiq chiqarish uchun eng jozibador manzillardan biriga aylanishi kutilmoqda. Loyiha 2025-yil 1-apreldagi prezident qaroriga asosan amalga oshirilmoqda.

Majmua 508 gektar maydonni egallab, agroturizm, ekoturizm va ekstremal turizm imkoniyatlarini birlashtiradi. Hududda 45 ta shalе, 57 ta zamonaviy mehmon uyi, agroturizm majmuasi, gullar bog‘i, lavandazor, ekobozor, sokin hududlar va restoranlar tashkil etilgan.

Prezident tanishuv chog‘ida bunday loyihalar aholi farovonligi, hudud iqtisodiyoti va mamlakatning sayyohlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Turizm mamlakatni dunyoga tanitish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xizmatlar eksportini kengaytirishning samarali yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etildi.

Loyiha doirasida yuzdan ortiq tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 2 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. Yiliga 750 ming nafar sayyohni qabul qilish, 3 milliard so‘mlik budjet tushumi va 5 million dollarlik xizmatlar eksportini taʼminlash ko‘zda tutilgan. Majmua 2027-yildan to‘liq quvvatda ishga tushiriladi.

Kelgusida bu yerda motokross maydonlari, 2 kilometrli dor yo‘li, karting va golf maydonlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu imkoniyatlar “Karkidon” majmuasini faol turizm yo‘nalishidagi flagman maskanlardan biriga aylantirishi kutilmoqda.

Tashrif davomida davlat rahbari yangi mehmonxona va savdo majmualari faoliyati bilan ham tanishdi. Shu yerning o‘zida sayyohlik sohasida istiqbolda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimot qilindi.

Source: www.gazeta.uz