Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida 23 aprel kuni kuchli yog‘ingarchiliklar natijasida 1,2 tonna neft tarkibli suyuqlik Surxondaryo daryosiga oqib tushdi. Bu haqda Ekologik qo‘mita xabar berdi.
Ekologik inspeksiya ma’lumotlariga ko‘ra, sizib chiqish “Surxan Gas Chemical Operating Company” qo‘shma korxonasining qudug‘ida sodir bo‘lgan. Oldindan ifloslanishning oldini olish maqsadida “Eriell Oilfield Services Middle East DMCC” maxsus texnikasi yordamida 11 ta ariq qazilgan edi.
Vazirlar Mahkamasining 202-sonli qaroriga asosan hisoblangan zarar miqdori 8,5 milliard so‘mdan oshdi. Hozirda oqibatlar bartaraf etilgan, suv tozalangan. Tekshiruv materiallari huquqni muhofaza qilish organlariga topshiriladi.
Source: kun.uz