Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Andijon viloyati IIB YHXB xodimi, serjant Bekzod G‘oyibnazarov bir necha fuqaroni avtomobil sotishda aldagan. U xizmat mavqeidan foydalanib, forma kiygan holda video yozib, va’dalar bergan. Xabarlarga ko‘ra, serjant o‘z nomiga rasmiylashtirilmagan mashinalarni sotib, olingan pullarni onlayn kazinoda yutqizgan.

2025-yil 13-oktabr kuni Bekzod G‘oyibnazarov o‘zining Gentra avtomobilini sotayotgan Abdulloh Nematov bilan uchrashgan. Mashina 8500 dollarga baholangan va xodim pulni 20-dekabrgacha berishga va’da bergan. Biroq 7 oy o‘tgan bo‘lishiga qaramay, na pul, na mashina qaytarilgan.

Forma kiygan odam aldamaydi deb o‘ylagan Abdulloh o‘zini tinchlantirishga harakat qilgan, ammo oxirida firibgarlik qurboni bo‘lganini tushunib, Andijon shahar IIB va prokuraturasiga murojaat qilgan.

Inspektor vaziyatdan chiqish uchun avtomobil egasidan arizani qaytarib olishni so‘rab, oylik maoshidan 1000 dollardan to‘lashga va’da bergan. Biroq bu va’da ham bajarilmagan.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, serjant Bekzod G‘oyibnazarov boshqa odamlarning ham ishonchiga kirib, ulardan pul olgan va qaytarmagan. U onlayn qimor o‘yinlarida pul yutqizgan va ko‘pchilikka qarzdor bo‘lgan. Hatto 5-6 dona iPhone olib, to‘lamagan, yana bir kishining Captiva avtomobilini olib, qayta sotgan.

IIB YHXB matbuot xizmati rahbari Abdumajid Rayimjonovning ma’lumotiga ko‘ra, serjant 2013-yildan beri tizimda ishlagan. 2025-yil oxirida unga nisbatan bir necha arizalar kelib tushgan. Shikoyatlar ko‘payishi sababli xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, 2026-yil 30-martdagi buyruq bilan xodim ichki ishlar organlaridan ishdan bo‘shatilgan.

Source: kun.uz