Samarqand shahrida 1-maydan boshlab jamoat transportida yo‘lkira narxlari oshiriladi. Xalq deputatlari viloyat Kengashining 23-aprel kuni bo‘lib o‘tgan 29-sessiyasida yangi tariflar tasdiqlangan bo‘lib, unda elektron to‘lovlarni rag‘batlantirish maqsadida naqd pul to‘lovi uchun narx sezilarli darajada ko‘tarilgan.
Qarorga ko‘ra, avtobus, elektrobus va tramvaylarda yo‘l haqi naqd pul (QR kodli chipta) orqali to‘langanda 4000 so‘mni tashkil etadi. Bu amaldagi tarifga nisbatan 1000 so‘mga oshgan. Shu bilan birga, transport va bank kartalari orqali to‘lov qilinganda narx o‘zgarmay, 2000 so‘m bo‘lib qoladi.
Shuningdek, mutasaddilarga jamoat transporti harakatini barcha yo‘nalishlarda soat 22:00 gacha, turistik yo‘nalishlarda esa 24 soat davomida ta’minlash vazifasi yuklatilgan. Bu qadam yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi ma’lum qilishicha, yaqin kunlarda jamoat transportida yo‘l haqini naqd pul orqali to‘lash to‘liq bekor qilinadi. Rasmiylar aholidan oldindan naqd pulsiz to‘lov usullariga o‘tishni so‘ragan. Yo‘lovchilar transport va bank kartalari, shuningdek mobil ilovalar orqali to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin. Yo‘l chiptalarini infokiosklar orqali xarid qilish imkoniyati ham mavjud.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 15-apreldan Samarqand shahri jamoat transportida yo‘lkira naqd pulda 3000 so‘m, bank kartalari yoki ATTO transport kartasi orqali to‘lovlarda esa 2000 so‘m etib belgilangan edi. Yangi tariflar 1-maydan kuchga kiradi.
Source: www.gazeta.uz