Farg‘ona viloyatining Bag‘dod, Farg‘ona, Beshariq tumanlari va Marg‘ilon shahriga yangi hokimlar tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi rasmiy xabar berdi.
Hojiqo‘zijon Isaqov Bag‘dod tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar u Farg‘ona viloyati 426-xo‘jaliklararo ixtisoslashgan ko‘chma mexanizmlar kolonnasi MCHJ boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
Nodirjon Mashrapov Farg‘ona tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. U ilgari Kadastr agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Ilyos Novikov Beshariq tumani hokimi etib tayinlandi. U 2018-2024-yillarda Qo‘shtepa tumani hokimi bo‘lib ishlagan.
Elbek Rustamov Marg‘ilon shahri hokimi lavozimiga tayinlandi. Bungacha u Markaziy bank Farg‘ona viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Avvalroq Rasuljon Jo‘rayev O‘zbekiston tumani hokimi lavozimiga tayinlangani haqida xabar berilgan edi.
Source: www.gazeta.uz