Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida 11-sonli avtobus haydovchisi yo‘lovchilar bilan qo‘pol muomalada bo‘lgani uchun ishdan bo‘shatildi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda avtobus sekin harakatlanayotgani ko‘rinadi. Yo‘lovchilardan biri haydovchidan eshikni ochib, tushishga ruxsat berishni so‘ragan, boshqalar ham unga qo‘shilgan. Haydovchi esa “hammang chiqib olding, orqada yana bir bo‘shi kelayotgandi”, deb baqirgan.

Yo‘lovchi bu yo‘nalishdagi avtobuslar intervali juda katta ekanligini aytganida, haydovchi “yaxshi bo‘libdi, arz qiling, sizga o‘xshagan aqllilar ko‘pligidan yettita qoldik”, deb javob qaytargan.

Holat “Toshshahartransxizmat” va 18-avtobus saroyi rahbariyati ishtirokida tanqidiy muhokama qilingan. Boshqaruv raisi o‘rinbosari Komiljon Qodirov haydovchiga: “Bu poytaxt jamoat transporti, uning o‘z madaniyati va yurish-turish qoidalari bor. Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish o‘rniga, ularga noqulaylik yaratib, haqli e’tirozlariga sababchi bo‘lgansiz”, degan.

Ma’lum qilinishicha, haydovchi S.Sh. 2-fevral kuni ish boshlagan va uch oylik sinov muddatida bo‘lgan. U yo‘lovchi tashish qoidalarini buzgani va qo‘pol muomalada bo‘lgani uchun mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Kompaniya vakili haydovchiga avtobusning texnik nosozligini yo‘lovchilarga muloyimlik bilan tushuntirish mumkinligini ta’kidlagan. Kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun barcha haydovchilarga maxsus yo‘riqnoma o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Source: www.gazeta.uz