Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati, Urgut tumanidagi xususiy «Madina Ko‘zmunchoq» bog‘chasida tarbiyachi qiz bolani bir necha bor musht bilan boshiga urgani aks etgan video tarqaldi.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bog‘cha 2019-yildan buyon litsenziya asosida faoliyat yuritib, unda 6 guruhda 147 nafar tarbiyalanuvchi ta’lim oladi.
Tekshiruv natijasida 20-aprel kuni o‘rta guruh tarbiyachisi haqiqatan ham bolaga nisbatan zo‘ravonlik qilgani aniqlandi. 23-aprelda tashkilot rahbari buyrug‘i bilan uning mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Hozirda ushbu fakt bo‘yicha materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilgan bo‘lib, qo‘shimcha tekshiruv olib borilmoqda.
Boshqarma ta’lim muassasalarida zo‘ravonlikning har qanday shakliga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlab, bunday holatlar alohida nazoratda ekanini bildirdi.
Avvalroq Navoiyda xususiy bog‘cha tarbiyachisi o‘z tarbiyalanuvchilarini muntazam qiynaganligi uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. 8-aprelda tarqalgan videoda uning bolalarga nisbatan qo‘pol muomalasi va kaltaklashi aks etgan.
Source: podrobno.uz