Toshkent viloyati Chirchiq shahrida profilaktika inspektori pora olganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar berdi.
Unga ko‘ra, inspektor joriy yil fevral oyida 36 yoshli shaxs yetakchiligidagi jinoiy guruh tomonidan 32 yoshli fuqaroga yetkazilgan tan jarohati holatini yopib berish evaziga 2700 dollar olgan. Shundan 1000 dollarini muqaddam jabrlanuvchiga bergani qayd etilgan.
DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda profilaktika inspektori jabrlanuvchiga yana 300 dollar berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur noqonuniy harakatlarga aloqador bo‘lgan uning hamkasbini ham jinoyat ishiga jalb qilish choralari ko‘rilmoqda.
DXX fuqarolarni shu kabi qonunbuzilish holatlari haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi hamda murojaat qilgan shaxs ma’lumotlari sir saqlanishi kafolatlanishini ma’lum qildi.
Avvalroq Toshkentda fuqarodan 2200 dollar pora talab qilgan ikki nafar IIBB katta tezkor vakili qo‘lga olingan edi. Ular giyohvand modda bilan ushlangan kishini jinoiy javobgarlikka tortmaslikni va’da qilgan.
Source: www.gazeta.uz