30-aprel kuni energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov raisligida “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasida o‘tkazilgan yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, 44 ta tuman va shahar elektr ta’minoti korxonalari rahbarlari ishdan bo‘shatildi.
O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, ishdan olinganlarning 14 nafari “HET” AJning Andijon filiali, 10 nafari Samarqand, 7 nafari Jizzax, 4 nafari Qashqadaryo hamda 2 nafardan Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona filiallari korxonalari rahbarlaridir.
24-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev tarmoqlarida elektr energiyasi yo‘qotishlari 20 foizdan oshadigan ushbu 44 ta korxonani tanqid qilgan edi. Davlat rahbari ushbu rahbarlar o‘rniga yosh kadrlar tayinlanishi va yo‘qotishlar 2 baravarga qisqartirilishi zarurligini ta’kidlagan.
Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tekshiruvlari natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar belgilandi. Tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan jami 106 140 ta transformator podstansiyasining texnik holati ko‘zdan kechirildi. Natijada ta’mirga muhtoj deb topilgan 25 668 ta podstansiya aniqlanib, ta’mirlash ishlari boshlandi.
Bundan tashqari, yuqori kuchlanishli tarmoqlardagi liniyalarni yangilash, zarur hududlardagi tarmoqlarni tezkor modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish maqsadida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish loyihasini jadallashtirish masalasi alohida ko‘rib chiqildi.
Gaz ta’minoti sohasidagi holat tahlili yakunlariga ko‘ra, yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar sababli “Hududgaz Xorazm” filiali rahbari ishdan bo‘shatildi.
Source: www.gazeta.uz