Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati «Elektron retsept» tizimining bekor qilinishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Ushbu xabarlarga normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e’lon qilingan buyruq loyihasi sabab bo‘lgan bo‘lib, unda «Elektron retsept» tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish nazarda tutilgan edi.
Vazirlik ta’kidlashicha, buyruq loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilingan. Aslida, yangi loyiha bilan Toshkent shahri va pilot loyiha amalga oshirilayotgan 15 ta tuman (shahar)da barcha retsept bo‘yicha beriladigan dori vositalarini to‘liq «Elektron retsept» tizimiga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligining 2025-yil 15-dekabrdagi 25-son buyrug‘iga ko‘ra, birinchi bosqichda elektron retsept tizimli ta’sirga ega antibiotiklar, sintetik antibakterial preparatlar va gormonal dori vositalari uchun majburiy bo‘lishi kerak edi. Yangi loyiha esa ushbu bosqichlarni birlashtirib, tizimni kengaytirishni nazarda tutadi.
Istisno sifatida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, giyohvandlik va psixotrop moddalarni o‘z ichiga olgan preparatlar, shuningdek, reimbursatsiya (qoplash) dasturi bilan bog‘liq jarayonlar qayd etilgan. Vazirlik fuqarolarni faqat rasmiy manbalardan olingan ma’lumotlarga ishonishga chaqiradi.
Source: kun.uz