Sirdaryo viloyati Shirin shahrida sodir etilgan og‘ir jinoyat oqibatida bir ayol va uning besh yoshli qizi pichoqlanib vafot etdi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning xabar berishicha, voqea 29-aprel kuni soat taxminan 17:00 atrofida ro‘y bergan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Amir Temur mahallasida yashovchi N.X. ismli ayol bilan uning sha’riy turmush o‘rtog‘i A.S. o‘rtasida rashk sababli janjal kelib chiqqan. Janjal avjiga chiqqach, N.X. onasining uyidan oshxona pichog‘ini olib, Farhod mahallasidagi xonadonga borgan.
U yerda erining qonuniy turmush o‘rtog‘i M.S. hamda uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari — Sh.S. va I.S.ga pichoq bilan hujum qilgan. Natijada M.S. va uning 5 yoshli qizi Sh.S. olgan jarohatlari tufayli vafot etgan. 3 yoshli ikkinchi qizi esa og‘ir ahvolda Shirin shahar tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Gumonlanuvchi N.X. voqea joyidan yashiringan, biroq keyinchalik ushlanib, himoyachi ishtirokida gumonlanuvchi sifatida ishga jalb qilingan. Kun.uz bilan gaplashgan marhumaning yaqinlari M.S.ning 8 yoshli o‘g‘li va 20 kunlik chaqalog‘i qolganini ma’lum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan 29-aprel kuni viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “j” bandlari (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Source: www.gazeta.uz