️ Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov moliyachi bloger Otabek Bakirovning postlariga huquqiy baho berishni so‘rab, huquqni himoya qiluvchi organlarga murojaat qilgan edi. 1-may kuni Bakirov va uning advokati Fayzulla Arslonov Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudiga chaqirildi.
️ Biroq ushbu sud majlisi mazkur sanadagi ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha ishlar ro‘yxatida bo‘lmagan. Advokat Komila Abdullayeva Facebook’da yozishicha, ular avval GOM (hududiy ichki ishlar bo‘limi)da, keyin Yashnobod JIBda sud bo‘lishi aytilgan, ammo 4 soat kutishdan so‘ng sud keyinga qoldirilgan.
️ Advokat Fayzulla Arslonovning ma’lum qilishicha, sudya ish hujjatlari bilan tanishib chiqishi va keyin qo‘shimcha ravishda xabar berib, chaqirishini bildirgan. Bu holat bloger va uning himoyachilari tomonidan norozilik bilan qabul qilindi.
️ Otabek Bakirovning o‘zi vazirni tanqid qilib, “Energetika vazirining ishi yo‘qdek, ketma-ket ariza berishi tushunarsiz. Agar shunaqa energiyasi bo‘lsa, uni energetik barqarorlik, yetishmovchilik uchun sarflasin”, degan. U, shuningdek, har yili noyabrdan martgacha millionlab o‘zbekistonlik haydovchilar auto24 ilovasi orqali gaz bilan bog‘liq muammolarni bilolmagani haqida savollar berganini ta’kidlagan.
️ “Orada ikkita qish o‘tdi, hech narsa o‘zgargani yo‘q. Agar vazir mana shu masalalarni qoyillatib qo‘yganida, undan uzr so‘ragan, rahmat aytgan bo‘lardim”, deya qo‘shimcha qilgan Bakirov.
Source: www.gazeta.uz