O‘zbekistonda uyushgan guruh tomonidan sug‘urta sohasida firibgarlik sxemasi fosh etildi. Sud hukmiga ko‘ra, uch nafar fuqaro soxta yo‘l-transport hodisalari (YTH) to‘g‘risidagi hujjatlarni tayyorlab, sug‘urta kompaniyalaridan to‘lovlar olgan.
Guruh rahbari 30 yoshli A.A. bo‘lib, u soxta YTHlarni rejalashtirgan, bildirishnoma va yevroprotokollar blankalarini qalbakilashtirgan, hujjatlarni tayyorlab sug‘urta kompaniyalariga topshirgan va to‘lovlarni olgan. 21 yoshli S.A. va 24 yoshli Z.Y. esa soxta YTHlarda jabrlanuvchi yoki aybdor sifatida qatnashgan, boshqa shaxslarni jalb qilgan va avtomobillarni tanlagan.
Sxemada asosan ikkita Malibu avtomobili (oq va qora rangda) ishlatilgan. 2024-yil 15-yanvarda Malibu va Tracker ishtirokida soxta YTH uyushtirilib, 13 million 758 ming so‘m to‘lov olingan. 2024-yil 21-fevralda esa Malibu va VAZ 31514 ishtirokida soxta YTH orqali 14 million so‘m o‘g‘irlangan.
Jami 14 epizoddan 8 tasi amalga oshirilgan bo‘lib, sug‘urta kompaniyalaridan taxminan 110 million so‘m to‘lov olingan. Qolgan 6 epizodda esa jinoyatni oxiriga yetkazish imkoni bo‘lmagan.
Sudlanuvchilar aybini to‘liq tan olgan. Sud ularning har biriga Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik) va 228 (Hujjatlarni qalbakilashtirish) moddalari bo‘yicha 305 BHM (103 million 700 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlagan.
Tahririyat eslatib o‘tadi: soxta YTHlarda oddiy ishtirok etish ham jinoiy javobgarlikka tortiladi. Agar bunday takliflarga duch kelsangiz, darhol 102 raqami orqali ichki ishlar organlariga xabar bering.
Source: kun.uz