Toshkent, Yunusobod tumanidagi “Ahmad Donish” mahallasida o‘smir bolaning arqon bilan bog‘lab yurgan boyo‘g‘li bolasi ekologlar tomonidan olib qo‘yildi va Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi.
Avvalroq, o‘smir Qizil kitobga kiritilgan noyob qushni arqonga bog‘lab, mahalla bo‘ylab sayr qilgani kuzatilgan edi. Kattalarning qushni qayerdan olgani haqidagi savollariga esa tajovuzkorona munosabat bildirgan.
Keyinchalik qush yana yerda, arqonda bog‘liq holda topilgan. Holatni ko‘rgan bir mahalla ayoli tegishli xizmatlarga xabar bergan. Ertasi kuni o‘smir ichki ishlar bo‘limiga chaqirilib, tergov o‘tkazilgan.
Ekologik inspektorlar boyo‘g‘lini olib, Toshkent hayvonot bog‘iga topshirgan. Hozirda qush mutaxassislar qo‘lida parvarish qilinmoqda. Voqea uchun o‘smirning ota-onasi javobgarlikka tortilishi kutilmoqda.
Source: podrobno.uz