O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun 12 jarima balli to‘plagan ilk haydovchi aniqlanib, uning ishi sudga oshirildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) xabar berdi.
Haydovchining o‘ziga ko‘ra, u bir yil davomida 12 yarim ball to‘plaganini bilmagan va dastlab 12 ballik tizimga ishonmagan. YHXX chaqiruvidan so‘ng ballarini ko‘rib, tizim ishlashiga ishonch hosil qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi ish sud orqali ko‘rib chiqiladi va haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yilishi mumkin. Haydovchi boshqalarga yo‘l qoidalariga rioya qilishni tavsiya qilgan.
YHXX ma’lumotlariga ko‘ra, respublika bo‘ylab 11 nafar haydovchiga 8 balldan 10 ballgacha jarima ballari hisoblangan. Ulardan besh nafari Toshkent shahri, uchtasi Surxondaryo viloyati, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatidan bir nafardan iborat.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 1-iyundan boshlab yo‘l-patrul xizmati xodimlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 12 moddasi asosida bayonnoma yozgan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanmoqda. 2026-yil 1-apreldan esa avtomatik qurilmalar tomonidan aniqlangan to‘rt turdagi qoidabuzarliklar (svetoforning taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmaslik, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish, qarama-qarshi bo‘lakda harakatlanish, tezlikni oshirish) uchun ham ball qo‘shiladi.
Jarima ballari sakkizga yetganda, haydovchi mobil telefoniga SMS orqali ogohlantiriladi. 12 balldan oshganda esa haydovchilik huquqi sud tartibida bekor qilinadi va haydovchi guvohnomani qayta olish uchun avtomaktabda o‘qib, imtihon topshirishi kerak.
Source: www.gazeta.uz