O‘zbekistonda Haj-2026 mavsumi rasman start oldi. 2-may kuni Toshkent xalqaro aeroportidan birinchi guruh ziyoratchilar Saudiya Arabistoniga yo‘l oldi.
2-maydan 18-mayga qadar bo‘lgan davrda O‘zbekistonning to‘qqizta aeroportidan Madinaga ziyoratchilar jo‘natiladi.
Birinchi guruhni kuzatish marosimida Prezident Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar departamenti boshlig‘i Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar ishtirok etdi.
Kun.uz muxbiri vatandoshlarimizni muqaddas safar bilan tabriklab, ulardan intervyu oldi.
“Kuzatish chog‘ida muftiy ziyoratchilarga haj amallarini to‘liq va kam-ko‘stsiz ado etishlarini tilab, xavfsiz safar va ibodatlarining qabul bo‘lishi uchun duolar qildi”, – deyiladi diniy idora xabarida.
2026-yilda O‘zbekistondan 15 ming nafar ziyoratchi hajga boradi. Bu yil bir kishi uchun haj narxi 77 million 73 ming so‘mni (taxminan 6400 dollar) tashkil etadi.
Qurbon hayiti 2026-yilda taxminan 26-27-mayga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Hayitdan so‘ng ziyoratchilar haj amallarini yakunlab, iyun oyining birinchi haftasida O‘zbekistonga qaytishni boshlaydilar.
Source: kun.uz