Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida yashovchi erkak turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandini qasddan o‘ldirganlikda aybdor deb topildi. Bu haqda Sevimli telekanalining Zamon dasturida xabar berildi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, voqea 2025-yil 3-noyabr kuni soat 18:00 atrofida sodir bo‘lgan. Spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan Hayitov qaynotasining xonadoniga kelib, u yerda ikki nafar farzandi bilan yashayotgan turmush o‘rtog‘i Hayitova bilan uchrashgan.

Mojaroga ayolning turmush o‘rtog‘idan aliment undirish bo‘yicha sudga murojaat qilgani sabab bo‘lgan. Qayd etilishicha, bundan avval Hayitov aliment to‘lamagani uchun 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqqan.

Jazo muddatini o‘tab qaytgan erkak xonadonga mast holda kelib, aliment masalasida janjal ko‘targan. Janjal davomida u yonida olib kelgan oshxona pichog‘i bilan voyaga yetmagan farzandlari ko‘z o‘ngida ayoliga bir necha bor jarohat yetkazgan. Shuningdek, u o‘zining 3 yoshli qizini ham pichoqlagan.

Oqibatda bola voqea joyida vafot etgan, ayol esa shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida jon bergan. Erkak jinoyatni sodir etgach, voqea joyidan qochib ketgan.

Sud majlisida u Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a, v, j, i” bandlari (Aybdorning o‘ziga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni, ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirish) bo‘yicha aybdor deb topildi.

Sud hukmi bilan erkakka 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. U jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.

Source: www.gazeta.uz