2026-yilning birinchi choragida 45,2 ming jismoniy shaxs uylariga o‘rnatilgan quyosh panellari yordamida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini tarmoqqa sotdi va 73,9 milliard so‘mdan ortiq daromad oldi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
«Quyoshli uy» dasturi doirasida subsidiyadan foydalangan fuqarolar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,5 barobarga, to‘lovlar miqdori esa 9 barobarga oshgan. 2025-yilning birinchi choragida 12 746 fuqaro jami 8,147 milliard so‘m subsidiya olgan edi.
Hududiy taqsimot bo‘yicha eng katta subsidiyalar Buxoro viloyatiga (16,5 mlrd so‘m), Xorazm viloyatiga (13,3 mlrd so‘m) va Qashqadaryo viloyatiga (9,1 mlrd so‘m) to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (7,6 mlrd so‘m), Navoiy (5,9 mlrd so‘m) va Samarqand (3,9 mlrd so‘m) viloyatlari ham katta miqdorda subsidiyalar olgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 1-apreldan boshlab «Quyoshli uy» dasturi doirasida quyosh panellari o‘rnatgan jismoniy shaxslarga tarmoqqa berilgan har bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 1000 so‘m miqdorida subsidiya to‘lanadi. Subsidiyani «Soliq» mobil ilovasining «Keshbek va imtiyozlar» — «Quyoshli uy» bo‘limi orqali «Kartaga o‘tkazish» opsiyasini tanlab olish mumkin.
Source: kun.uz